Xakerlar AQSh Harbiy-havo kuchlarining bulutli infratuzilmasiga kirib bordi
Xakerlar AQSh Harbiy-havo kuchlarining bulutli infratuzilmasi boʻlgan Cloud One tizimiga kirish imkoniga ega boʻlgan. Reuters maʼlumotlariga koʻra, buzib kirish tizimni yangilash vaqtida soʻnggi bir oy ichida aniqlangan.

Hujum ortida kim turgani va qanday maʼlumotlar qoʻlga kiritilgan boʻlishi mumkinligi nomaʼlum. Reuters manbasining taʼkidlashicha, tajovuzkorlar Cloud Oneʼning «nazorat konturi» deb ataladigan qismidagi zaiflikdan foydalangan. Bunday kirish nazariy jihatdan harbiy samolyotlarning holatini tekshirish va ehtiyot qismlar harakatini kuzatish imkonini beradi, biroq xakerlar buni amalga oshirgani tasdiqlanmagan.
Muammo aniqlangach, ayrim loyihalar, jumladan, qoʻshimcha xizmat ilovalarini Cloud Oneʼga koʻchirish ishlari toʻxtatildi. Xabarlarga koʻra, ayrim foydalanuvchilarning administratorlik huquqlari oʻchirildi, ishlayotgan ilovalarni yangilash esa taqiqlandi. Bu xodimlarga turli tuzatishlarni oʻrnatish imkonini bermadi.
Harbiy-havo kuchlari zaifliklar hamda muayyan tarmoqlar va tizimlarning holatiga izoh bermasligini, biroq idoraning axboroti va imkoniyatlarini himoya qilish choralarini koʻrayotganini bildirdi. Xabarlarga koʻra, vaziyatni tekshirishga kiberqoʻmondonlik ham jalb qilingan. Cloud One Amazon Web Services, Google Cloud, Oracle Cloud Infrastructure va Microsoft Azure infratuzilmalarini birlashtiradi hamda butun dunyo boʻylab Harbiy-havo kuchlarining 200 dan ortiq obyektida xodimlar haqidagi maʼlumotlarni yuritishdan tortib oʻq-dorilar hisobini olib borishgacha boʻlgan vazifalarda qoʻllanadi.





