Malakali investor maqomini kim va qanday olishi mumkin
NAPP xorijiy qimmatli qogʻozlar muomalasi qoidalarini tasdiqladi: ulardan faqat malakali investorlar foydalanishi mumkin.

Hujjat ushbu maqomga daʼvogar jismoniy va yuridik shaxslarga qoʻyiladigan talablar hamda investitsiya vositachilarining majburiyatlarini belgilaydi. Malakali investor — bilim, tajriba va kapitalini tasdiqlagan hamda investitsiyalar bilan bogʻliq xatarlarni qabul qilishga rozi boʻlgan mijoz.
Jismoniy shaxs uchun shartlardan biri qiymati kamida $5000 boʻlgan pul mablagʻlari, qimmatli qogʻozlar yoki boshqa moliyaviy vositalarga ega boʻlishi mumkin. Nomzod qimmatli qogʻozlar bozori, moliyaviy vositalar, xatarlar, investitsiya portfelini shakllantirish va investitsiya qonunchiligi asoslari boʻyicha testdan ham oʻtishi kerak. Tekshiruv mazmuni, undan oʻtish mezonlari va qayta topshirish tartibini vositachining oʻzi belgilaydi.
Agar mijozda oʻtgan yil davomida tuzilgan bitimlar tajribasi, Oʻzbekiston qimmatli qogʻozlar bozorining malaka attestati, broker tan oladigan xalqaro moliyaviy sertifikat, sohaga oid oliy maʼlumot yoki fond bozorida bitimlar, investitsiya tavsiyalari, qarorlar bilan ishlash yoxud xatarlarni boshqarish boʻyicha kamida ikki yillik ish staji boʻlsa, u testdan ozod qilinishi mumkin.
Kompaniyaning sof aktivlari bir vaqtning oʻzida kamida 1500 BHM boʻlishi, sohaga oid oliy maʼlumot va moliya tashkilotida kamida ikki yillik ish tajribasiga ega xodimi, shuningdek, oʻtgan yil davomida qimmatli qogʻozlar bozorida kamida beshta bitimi boʻlishi kerak. Banklar, sugʻurta kompaniyalari, investitsiya fondlari va litsenziyalanadigan boshqa moliya tashkilotlariga maqom avtomatik ravishda beriladi.
Vositachi mijozni malakali investor deb tan olish tartibini hujjatlashtirishi, xatarlarni oshkor qilishi va berilgan, rad etilgan hamda bekor qilingan maqomlar haqidagi jamlanma maʼlumotlarni har chorakda NAPPga yuborishi shart. Bozor tebranishlari sabab aktivlar qiymatining pasayishi oʻz-oʻzidan maqomni bekor qilishga olib kelmaydi.
Yana oʻqing

AQSh NNTlari sud orqali sunʼiy intellekt ishlab chiqilishini toʻxtatishni talab qildi
Tartibga solish11:19
Raqobat qoʻmitasi WB Taxiʼni ustun mavqega ega operator deb eʼtirof etdi
Tartibga solish12-noyabr, 11:32


