Raqobat qoʻmitasi WB Taxiʼni ustun mavqega ega operator deb eʼtirof etdi
Raqobat qoʻmitasi WB Taxiʼni taksi agregatorlik xizmatlari bozorida ustun mavqega ega raqamli platforma operatori deb eʼtirof etdi.

Mazkur maqom Raqobat qoʻmitasining buyrugʻi bilan mustahkamlandi. U yoʻlovchilarni tashish uchun buyurtmalarni joylashtirish va taksi xizmatlarini koʻrsatish bilan bogʻliq vositachilik xizmatlari bozoriga taalluqlidir.
WB Taxiʼda monopoliyaga qarshi komplayens tizimi — raqobat talablariga rioya etishni taʼminlaydigan ichki tartib-taomillar majmuasi — majburiy ravishda joriy etiladi. Qoʻmita operator faoliyatini ham monitoring qilib boradi, bu esa ustun mavqeni suiisteʼmol qilishga yoʻl qoʻymaslik uchun amalga oshiriladi.
Bunday maqomni belgilash mezonlari qatoriga 44 mlrd soʻmdan ortiq tushum, oyiga 50 mingdan koʻproq faol yakuniy foydalanuvchi yoki kamida 3000 nafar faol biznes foydalanuvchisi kirishi mumkin. Yana bir asos — kompaniyaning yoki u bilan bogʻliq guruhning alohida bozordagi ulushi 40 foizdan ortiq boʻlishidir.
Ustun mavqega ega kompaniyalarga raqobatni cheklaydigan yoki foydalanuvchilarning huquq va manfaatlariga putur yetkazadigan harakatlar taqiqlanadi. Talablarni buzganlik uchun aylanmaning 5 foizi miqdorida jarima, mansabdor shaxslar uchun esa maʼmuriy javobgarlik nazarda tutilgan.
Yana oʻqing

NIST sunʼiy intellekt agentlariga hujumlar va ulardan himoyalanish usullari tasnifini taqdim etdi
Tartibga solish11-noyabr, 15:54
Oʻzbekistonda kreditlar va mikroqarzlar reklamasi xavflar haqida ogohlantirishni oʻz ichiga olishi kerak
Tartibga solish11-noyabr, 14:15


