Q.ANT foton chipga til modellarini tezlashtirishni oʻrgatdi
Germaniyaning Q.ANT kompaniyasi sunʼiy intellekt hisob-kitoblarini tezlashtirish va videoxotiraga tushadigan yuklamani kamaytirish uchun optik koprotsessorni AMD tezlatkichi bilan birlashtirdi.

Q.ANT kompaniyasi gibrid inferensning eksperimental tizimini taqdim etdi. Unda til modeliga oid hisoblashlarning bir qismi yorugʻlik yordamida bajariladi. Chikagoda oʻtkazilgan SC26 konferensiyasida ishlab chiquvchilar NPU Gen 2+ foton protsessori va AMD Instinct MI210 tezlatkichining birgalikdagi ishini namoyish etdi.
Optik chip neyron tarmoqning ayrim qatlamlarida anʼanaviy eʼtibor mexanizmi (self-attention) operatsiyalari oʻrnida ishlatiladigan diskret Furye oʻzgartirishini bajaradi. Ishlab chiquvchilarning fikricha, bunday yondashuv soʻrovlarni qayta ishlashni tezlashtirish va uzun kontekstlar bilan ishlaganda videoxotiraning katta qismini egallaydigan KV-kesh hajmini kamaytirish imkonini beradi.
Tajriba davomida taxminan 1 mlrd parametrga ega til modelidan foydalanildi. Bunda transformerdagi qolgan hisoblashlar avvalgidek GPUʼda bajarildi.
Biroq Q.ANT sinovlarning asosiy koʻrsatkichlarini — tokenlar generatsiyasi tezligi, xotiraning amalda tejalishi va model javoblarining sifatini — hozircha oshkor qilmadi. Shu sababli texnologiyaning haqiqiy samaradorligini hozircha baholab boʻlmaydi.
Kompaniya seriyali tizimlarni 2027-yilning ikkinchi yarmida bozorga chiqarishni rejalashtirmoqda. Ishlab chiquvchilar, shuningdek, maxsus uskunalarga kirish imkonisiz texnologiya bilan tajriba oʻtkazish imkonini beruvchi C va Python interfeyslariga ega SDKʼni ham chiqardi.
Shu bilan birga, eʼtibor mexanizmini Furye oʻzgartirishi bilan almashtirish gʻoyasi yangi emas: Google shunga oʻxshash yondashuvni 2021-yilning oʻzidayoq FNet arxitekturasida taqdim etgan. Endi asosiy savol — Q.ANT generatsiya sifatini saqlab qolgan holda unumdorlikni sezilarli darajada oshira oladimi yoki yoʻqmi.





