AQShdagi TikTok Shop Xitoyda tajriba orttirgan rahbarlar boshqaruviga oʻtdi
AQShdagi TikTok Shop operatsiyalarini Douyinning elektron tijorat boʻyicha sobiq rahbari Mu Qing boshqarmoqda. Mahsulot toifalari boʻyicha yetti rahbarning oltitasi avval Xitoyda ishlagan.

Business Insider nashrga taqdim etilgan tashkiliy tuzilma sxemasi va kompaniya xodimlari bilan suhbatlar asosida TikTok Shopʼning AQShdagi boʻlinmasi tuzilmasini qayta tikladi. Qing TikTokʼning bosh kompaniyasi boʻlgan ByteDanceʼda elektron tijorat yoʻnalishi rahbari Bob Kanga boʻysunadi.
AQShdagi mahsulot toifalari boʻyicha yetti rahbarning oltitasi avval ByteDance yoki boshqa kompaniyalarda Xitoyda ishlagan. AQShdagi TikTok Shop uchun kontent yaratuvchilar bilan ishlaydigan jamoa rahbari ilgari Douyinda shu kabi yoʻnalishga boshchilik qilgan.
TikTok Shop AQShda 2023-yilda ishga tushirilgan. Servis savdo videolarini joylaydigan va jonli efirlar oʻtkazadigan minglab brendlar hamda inflyuenserlarni jalb qildi. Dastlab AQShdagi operatsiyalarni asosan Amazon va boshqa AQSh kompaniyalarida tajriba orttirgan rahbarlar boshqargan.
Bir necha qayta tashkil etish, ish faoliyatini qayta koʻrib chiqish bosqichlari va xodimlarning oʻz xohishiga koʻra ketishlaridan soʻng boʻlinma asosan Xitoy elektron tijoratida tajribaga ega rahbarlar boshqaruviga oʻtdi. TikTok vakilining aytishicha, AQShdagi Shop rahbariyati jamoasi bir yildan ortiq vaqt davomida deyarli oʻzgarmagan, butun tashkilot esa turli hajmdagi Amerika kompaniyalarini qoʻllab-quvvatlashga eʼtibor qaratgan.





