«Voyager-1» Yerda yaratilgan qurilmalardan birinchi boʻlib bir yorugʻlik kuni masofasiga yetdi
NASA hisob-kitoblariga koʻra, 18 noyabr kuni «Voyager-1» Yerdan taxminan 25,9 mlrd kilometr uzoqlashdi — bu masofani radio signali 24 soatda bosib oʻtadi.

Qurilma bu marraga Toshkent vaqti bilan soat 15:16 da yetdi. Insoniyat yaratgan boshqa hech bir obyekt ilgari Yerdan bunchalik uzoqlashmagan. Taqqoslash uchun, Quyoshdan sayyoramizgacha yorugʻlik taxminan sakkiz daqiqa 20 soniyada yetib keladi.
Bunday masofa aloqa kechikishini ham belgilaydi. Yerdan yuborilgan buyruq zondga taxminan bir sutkada yetib boradi, javob signali uchun ham shuncha vaqt kerak boʻladi. Shu sababli muhandislar yuborilgan koʻrsatma natijasini taxminan ikki sutkadan keyin bilib oladilar.
«Voyager-1» 1977 yilda uchirilgan. Qariyb yarim asr oʻtganiga qaramay, u radioaloqa kanali orqali maʼlumot uzatib, ilmiy ishini davom ettirmoqda. Uning kameralari 1990 yilda soʻnggi suratlar turkumidan keyin oʻchirib qoʻyilgan. Bu suratlar orasida Yerning mashhur «Och moviy nuqta» fotosurati ham bor edi.
Dasturning ikkinchi qurilmasi — «Voyager-2» — uchirilganidan keyin boshqa trayektoriya boʻylab yoʻl oldi va Uran hamda Neptunni tadqiq qildi. NASA bahosiga koʻra, u Yerdan bir yorugʻlik kuni masofasiga 2035 yil noyabrida yetadi.
Yana oʻqing

Fiziklar Koinot nega mavjudligini tushuntirishi mumkin boʻlgan ilmiy yutuqda antimateriyani ushladi
Ilm-fan12:28
NASA saraton, mushak atrofiyasi va oʻsimlik yetishtirish boʻyicha tadqiqotlar uchun uskunalarni XKSga yuboradi
Ilm-fan10:19


