1Password buzib kirildi — u dunyodagi eng yirik parol menejerlaridan biri
1Password buzib kirilganini bildirdi: hujumchi xodimning GitHub akkaunti orqali kodga kirib, zararli kod joylagan. Kompaniya maʼlumotiga koʻra, mijozlar omborlari zarar koʻrmagan.

Hujumchi GitHubʼdagi xodimning korporativ akkauntidan foydalanib, 1Passwordʼning manba kodi va server xizmatlariga kirdi. Shundan soʻng mijozlarning bir qismiga oid maʼmuriy maʼlumotlarni yuklab oldi.
Maʼlumotlar toʻplamiga ism va elektron pochta manzillari, akkauntlar va foydalanuvchilar identifikatorlari, akkaunt yaratilgan va oxirgi marta kirilgan vaqt, ochiq kodlar, Secure Remote Password parol autentifikatsiyasi protokoli parametrlari hamda token kirdi. 1Password bu parametrlardan akkauntlarga kirish uchun foydalanib boʻlmasligini, mijozlar parol omborlari mazmuni esa hujumchiga ochilmaganini bildirdi.
Haker yopiq repozitoriylardan kodni ham nusxaladi va CI/CD tizimiga kirish huquqini qoʻlga kiritdi. Kompaniya bu kodda foydalanuvchilarning maxfiy maʼlumotlari boʻlmaganini aytdi. 1Password buzilgan akkauntni blokladi, oʻgʻirlangan tokenni bekor qildi va taklif xatlari hamda kirishni tiklash xabarlaridagi kodlar uzunligini olti belgidan oʻn belgigacha oshirdi.





