Moonshot AQSh eksport cheklovlarini chetlab oʻtib, Xitoyda Nvidia B300 sunʼiy intellekt chiplariga ega serverlardan foydalangan boʻlishi mumkin
Hujjatlarga koʻra, Moonshot Kimi modellari uchun Xitoyda Nvidia B300 chiplariga ega 32 ta serverni ijaraga olgan, holbuki bu tezlatkichlarni yetkazib berish AQSh tomonidan taqiqlangan. Kompaniya hujjatlardagi maʼlumotlarning toʻgʻriligiga eʼtiroz bildirdi.

Avgust oyida Moonshot Nvidiaʼning eng yangi sunʼiy intellekt tezlatkichlari B300 bilan jihozlangan Supermicro serverlarini ijaraga olish boʻyicha shartnoma tuzdi. Hujjatlarga koʻra, uskunalar Xitoyda joylashgan, biroq ularni yetkazib berish uchun AQSh litsenziyasi olingan-olinmaganini aniqlashning imkoni boʻlmagan. Bu eksport cheklovlarining chetlab oʻtilganidan darak berishi mumkin. Moonshot kompaniyasining oʻzi esa serverlarning koʻrsatilgan egasi bilan biznes aloqalari yoʻqligini, shuningdek, moliyalashtirish yoki kafolatlar taqdim etish boʻyicha kelishuvlar tuzilishiga rozilik bermaganini bildirdi.
Xaridni moliyalashtirishni uskuna egasi Lingmeixin (Beijing) Technology Co. va Beijing Zhongguancun Bank rasmiylashtirgan. Kredit miqdori 200 mln yuan boʻlgan, taʼminot sifatida esa serverlarning oʻzi hamda Moonshot yuridik shaxsi bilan tuzilgan xizmat koʻrsatish shartnomasi boʻyicha 345,6 mln yuan miqdoridagi tushum koʻrsatilgan. Hujjatlarda Moonshot hisoblash quvvatlaridan foydalanish huquqiga ega boʻlishi, biroq uskunalar egasiga aylanmasligi taʼkidlangan.
Har bir server 13,5 mln yuanga baholangan. Bloomberg maʼlumotiga koʻra, bu AQSh bozoridagi narxdan taxminan 350 foiz yuqori boʻlib, sanksiyalar sababli uskunalar taqchilligini aks ettirishi mumkin. Serverlar Lingmeixinning shoʻba tuzilmasiga aynan qanday kelib qolgani va ular qaysi narxda xarid qilingani hujjatlarda koʻrsatilmagan.
AQSh rasmiylari avvalroq Moonshotʼni ayrim modellarini Xitoyga rasman yetkazib berilmaydigan tezlatkichlarda oʻqitganlikda ayblagan. Kompaniya Kimi K3 modelini ishlab chiqmoqda va Gonkong fond birjasiga chiqishni rejalashtirmoqda. Nvidia avgustdagi kelishuvni imzolagan kompaniyalar uning mijozlari emasligini, Supermicro esa ular bilan ish olib bormasligini va AQSh eksport qoidalariga rioya qilishini bildirdi.
Yana oʻqing

Raqobat qoʻmitasi WB Taxiʼni ustun mavqega ega operator deb eʼtirof etdi
Tartibga solish11:32
NIST sunʼiy intellekt agentlariga hujumlar va ulardan himoyalanish usullari tasnifini taqdim etdi
Tartibga solish11-noyabr, 15:54


