Neuralink FDAʼdan BAS bilan ogʻrigan bemorlarda neyroimplantni asosiy sinovdan oʻtkazishga ruxsat oldi
Neuralink kompaniyasi LINK nomli asosiy klinik tadqiqotni oʻtkazish uchun FDAʼdan ruxsat oldi. Unda neyroimplantning xavfsizligi va uning yonlama amiotrofik skleroz sabab yuzaga kelgan ogʻir falajlik bilan yashayotgan odamlarga miya signallari yordamida raqamli qurilmalarni boshqarishda koʻmaklasha olish qobiliyati tekshiriladi.

AQSh Oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalari sifatini nazorat qilish boshqarmasi (FDA) bergan ruxsat haqida Ilon Mask kompaniyasi 25 noyabr kuni maʼlum qildi. Neuralink LINKʼni AQShda implantatsiya qilinadigan «miya — kompyuter» interfeysi uchun bunday turdagi ilk tadqiqot deb atamoqda. Pivotal maqomidagi sinov texnologiyani keyingi tartibga solish baholovi uchun muhim maʼlumotlar taqdim etishi kerak. Olingan ruxsat tadqiqotni oʻtkazishga imkon beradi, biroq qurilmani tijoriy sotuvga chiqarishga hali ruxsat berilganini anglatmaydi.
Tadqiqot ishtirokchilari yonlama amiotrofik skleroz, yaʼni BAS bilan ogʻrigan bemorlar boʻladi. Bu rivojlanib boruvchi neyrodegenerativ kasallik ixtiyoriy harakatlar uchun masʼul nerv hujayralarini zararlaydi. Kasallik kuchaygani sari inson harakatlanish va gapirish qobiliyatidan mahrum boʻlishi mumkin. Neyrointerfeys kasallikning oʻzini davolash uchun emas, balki muloqot qilish va qurilmalarni boshqarish imkoniyatini tiklash uchun moʻljallangan.
Neuralink tizimida bosh suyagiga jarrohlik yoʻli bilan oʻrnatiladigan N1 implantidan foydalaniladi. R1 roboti miyaga harakat qilish niyati bilan bogʻliq neyron faolligini qayd etadigan ingichka, egiluvchan elektrodlarni kiritadi. Dasturiy taʼminot bu signallarni kompyuter yoki boshqa raqamli qurilma uchun buyruqlarga aylantiradi. Bunday yondashuv klaviatura, sichqoncha va boshqa jismoniy boshqaruv vositalarisiz ishlash imkonini beradi.
Tadqiqotchilar texnologiya ishtirokchilarga kundalik vazifalarni bajarish va mustaqilroq boʻlishda qay darajada yordam berishini baholaydi. Tizimning uzoq muddatli xavfsizligi va ishonchliligiga alohida eʼtibor qaratiladi. Sinovni bir nechta klinik markazda oʻtkazish rejalashtirilgan.
Yangi ish Neuralinkʼning dastlabki tadqiqotlarini davom ettiradi. Kompaniya maʼlumotlariga koʻra, AQSh, Kanada va Buyuk Britaniyada 30 nafardan ortiq ishtirokchiga implantlar oʻrnatilgan. Ular neyrointerfeysdan real sharoitlarda foydalanish boʻyicha minglab soatlik tajriba toʻplagan.
BAS bilan ogʻrigan, avval taqdim etilgan ishtirokchilardan biri Bredford Smit boʻlgan. Oʻtgan yili Neuralink uning muloqot qilish uchun miya signallaridan qanday foydalanayotganini koʻrsatdi. Bunday alohida natijalar tizim imkoniyatlarini namoyish etadi, biroq kengroq sinov samara barqarorligini va implantatsiya bilan bogʻliq xavflarni baholashga yordam berishi kerak.
Yana oʻqing

Fiziklar Koinot nega mavjudligini tushuntirishi mumkin boʻlgan ilmiy yutuqda antimateriyani ushladi
Ilm-fan12:28
NASA saraton, mushak atrofiyasi va oʻsimlik yetishtirish boʻyicha tadqiqotlar uchun uskunalarni XKSga yuboradi
Ilm-fan10:19


