Lotus poyalari va bakteriyalar suv bugʻlanishida ishlaydigan generator yaratishga yordam berdi
Qurilma bir oydan ortiq vaqt davomida uzluksiz elektr energiyasi ishlab chiqardi va bir nechta portativ elektron qurilmani quvvatlay oldi.

Xitoylik olimlar suvning bugʻlanish energiyasini elektr energiyasiga aylantiradigan kam quvvatli generatorni ishlab chiqdi. Texnologiya lotus poyalari, elektr faol bakteriyalar va gʻovak elektrodlarga asoslangan. Qurilma gidrovoltaika yoʻnalishiga mansub boʻlib, bu yoʻnalish suvning materiallar bilan oʻzaro taʼsiri orqali energiya olishni oʻrganadi.
Tadqiqotchilar lotus poyalaridagi suv va ionlarning yoʻnaltirilgan harakatini taʼminlaydigan ichi boʻsh mikrokanallardan foydalandi. Ularning ichida elektronlarni tashqi muhitga uzata oladigan Geobacter sulfurreducens bakteriyalaridan bioqavat hosil qilindi. Bu elektr oʻtkazuvchanligi va zaryadlar koʻchishini yaxshiladi hamda suv bugʻlanganda elektr toki olish imkonini berdi.
Bitta generator 1,48 V kuchlanish va 0,73 mA gacha tok berdi, uning barqaror ishlashi esa 30 kundan ortiq davom etdi. Masshtablash imkoniyatini tekshirish uchun olimlar 256 ta qurilmadan iborat matritsa yigʻdi. U elektron soatni yoritgichi bilan, kalkulyatorni, elektron siyohli displeyni va mobil telefonni quvvatlay oldi.
Ishlanma atrof-muhit va qishloq xoʻjaligini monitoring qilishda qoʻllanadigan avtonom sensorlar uchun istiqbolli energiya manbai sifatida baholanmoqda.
Yana oʻqing

Fiziklar Koinot nega mavjudligini tushuntirishi mumkin boʻlgan ilmiy yutuqda antimateriyani ushladi
Ilm-fan12:28
NASA saraton, mushak atrofiyasi va oʻsimlik yetishtirish boʻyicha tadqiqotlar uchun uskunalarni XKSga yuboradi
Ilm-fan10:19


