Metaʼning Muse AI-agenti suhbatlarni aralashtirib, shaxsiy maʼlumotlarni oshkor qildi
Meta xodimlari Muse AI-agenti ayrim hollarda turli akkauntlar maʼlumotlarini aralashtirib yuborgani va foydalanuvchilarga boshqa odamlarning shaxsiy maʼlumotlarini koʻrsatganini maʼlum qildi. Bu haqda Reuters surishtiruvida aytiladi.

Reuters Meta kompaniyasining ichki yozishmalarini oʻrganib chiqdi. Ularda xodimlar Museʼdagi nosozliklarni tasvirlagan. Ularning soʻzlariga koʻra, foydalanuvchilar bolalar haqidagi soʻrovlarni, kasb boʻyicha maslahatlarni, oʻzlari bermagan buyurtmalarni, shuningdek, boshqa odamlarning bank hisoblaridagi qoldiqlarni koʻrgan.
Shunday holatlardan birida agent ob-havo va suv toʻlqinlari haqidagi yozishmaga boshqa odamga tegishli Capital One va Charles Schwab hisoblari maʼlumotlari tushirilgan xabarni qoʻshgan. Boshqa bir xodimaning shaxsiy telefonida esa Muse unga Signalʼdagi singlisiga javob berishni eslatgan — Signal uchdan uchigacha shifrlashdan foydalanadigan ilova. U hamkasblariga agentga boshqa ilovalarga kirish huquqini bermaganini va undan bu haqda soʻrashganini eslamasligini yozgan.
Muse sentabr oyida ishga tushirilgan. 10 mln dan ortiq yuklab olish uni eng tez oʻsayotgan ilovalardan biriga aylantirdi. Meta izoh soʻrab yuborilgan murojaatga darhol javob bermadi.





