Claude endi Google Meet videqoʻngʻiroqlariga qoʻshilishi mumkin
Anthropic Claude Meetings beta-testini bosqichma-bosqich ochishni boshladi: assistent qoʻngʻiroqqa ulanadi, qaydlar yuritadi va topshiriqlarni bajaradi. Hozircha faqat Google Meetʼda ishlaydi.

Anthropic Claudeʼni videqoʻngʻiroqqa alohida ishtirokchi sifatida qoʻshadigan Claude Meetings funksiyasining beta-testini boshladi. Assistent suhbatni kuzatadi, qaydlar yuritadi va uchrashuv paytida vazifalarni bajarishi mumkin.
Unga ovoz orqali yoki Google Meet chati orqali murojaat qilish mumkin. Odatiy sozlamada Claude matn bilan javob beradi, qoʻngʻiroq vaqtida esa hujjatlar, interaktiv doskalar va boshqa tahrirlanadigan materiallarni yarata oladi. Masalan, undan tadbir rejasini tuzish, avvalgi uchrashuv xarajatlar smetasini topish va uni joriy yil byudjeti bilan solishtirishni soʻrash mumkin.
Claude hujjatlar va servislar tarixiga foydalanuvchi ruxsat berganidan keyin ulangan ilovalar orqali kira oladi. Ovozli topshiriq berilganda, u topshiriqni aynan kim berganini aniqlashtiradi. Uchrashuvdan keyin Claude stenogramma, qisqacha mazmun, vazifalar va yaratilgan materiallar joylashtirilgan alohida sahifa tayyorlaydi, ishtirokchilarga esa elektron pochta orqali havola yuboriladi.
Kelajakda Anthropic stenogrammalarni Plaud, Gong va Granolaʼga yuborish imkoniyatini qoʻshishni rejalashtirmoqda. Beta-test Claudeʼning veb-versiyasi va desktop ilovasidagi Team hamda Enterprise tariflari foydalanuvchilariga bosqichma-bosqich taqdim etilmoqda. Bu davrda stenogrammalar va qisqacha mazmunlar obuna tarkibiga kiradi, integratsiyalardan foydalanish esa foydalanuvchi limitlarida hisobga olinadi.
Yana oʻqing

Anthropic zavodlar uchun 17 ta tayyor ssenariyli Claudeʼni chiqardi
Vositalar11:35
eBay platformadagi eʼlonlarga sunʼiy intellekt agentlari kirishini cheklagan boʻlishi mumkin
Vositalar12-noyabr, 12:10


