Android Autoʻdagi yangi Gemini sunʼiy intellekti yordamida nimalar qilish mumkin
Google Android Autoʻda Assistant oʻrniga Geminiʼni joriy qilmoqda. Ayrim avtomobillarda yangilanish hali paydo boʻlmagan, ammo yaqin vaqt ichida kelishi kerak.

Yangilangandan soʻng ekranda odatdagi mikrofon oʻrnida tovush toʻlqini yonida yulduzcha koʻrinishidagi belgi paydo boʻladi.
Gemini navigatsiya boʻyicha murakkab soʻrovlarni tushunadi: masalan, ochiq va avtomobilda xizmat koʻrsatadigan kafeni topadi, keyin esa uning yopilish vaqtini yoki safar davomiyligini aniqlashtiradi. U yoʻnalish va manzil haqidagi savollarga ham javob beradi, biroq faqat Google Maps maʼlumotlaridan foydalanadi va javobni bilmasa, buni tan oladi.
Assistant oxirgi xabarni oʻqib beradi, unga javob yozishda yordam beradi hamda guruh chatini yoki oʻqilmagan xabarlarni qisqacha bayon qiladi. Google Messages, Google Chat va WhatsApp qoʻllab-quvvatlanadi. Musiqa, podkast, radio va audiokitob ilovalarida ijroni boshqarish, ijrochilar, albomlar va pleylistlarni yoqish mumkin. Xizmatlar qatorida YouTube Music va Spotify tilga olingan.
Safar davomida Gemini biror mavzuni tushuntirishi, suhbatga tayyorlanishda yordam berishi, taom oʻylab topishi yoki bilimlarni tekshirishi mumkin. Bunda u suhbat kontekstini saqlab, uni boshqa qurilmalardagi ilova bilan sinxronlashtiradi. Shuningdek, kerakli joy uchun prognozlarni koʻrish va manzildagi ob-havo haqida savollar berish ham mumkin.





