Nectar mualliflarni topish va ular bilan ishlash uchun AI-agentni ishga tushirdi
Creator Agent butun dunyoda foydalanish uchun ochiq: u brendlarga Instagram va TikTokʼda mualliflarni topish, ular bilan bogʻlanish, kampaniyalarni yuritish va natijalarni kuzatishda yordam beradi.

Nectar kontent mualliflari bilan ishlashning bir qismini avtomatlashtiradigan Creator Agent vositasini chiqardi. Kompaniyaga Metaʼning sobiq xodimalari, opa-singil Misbah va Farah Uraizi asos solgan. Nectar ijtimoiy tarmoqlarni boshqarish, mijozlar bilan muloqot, moderatsiya va mualliflar bilan hamkorlikni boshqarish uchun AI-agentlardan foydalanadi.
Tizim 300 mln dan ortiq profilni koʻrib chiqib, ehtimoliy hamkorlar, jumladan auditoriyasi oʻsib borayotgan kichikroq mualliflar roʻyxatini tuzadi. U videolar, postlar mavzusi va avvalgi reklama integratsiyalarini tahlil qiladi, shuningdek, brend xavfsizligini faqat kalit soʻzlar asosida emas, balki kontekstni hisobga olgan holda baholaydi. Mualliflar ommalashgani sari servis ularni yangi tavsiyalarga qoʻshishi mumkin.
Nomzod tanlangach, agent brend uslubida xabar tayyorlab yuborishi, muallif haqidagi maʼlumotlarni yigʻish uchun alohida sahifa yaratishi hamda shartnomalar, mahsulotlarni joʻnatish va logistika masalalarida yordam berishi mumkin. Shuningdek, u yozishmalar va oʻzaro aloqalar tarixini saqlaydi, shu bois kompaniyalar bunday maʼlumotlarni jadvallarda yuritishiga hojat qolmaydi. Qoʻshimcha funksiya mualliflar hayotidagi shaxsiy voqealar — masalan, unashtirilish, farzand tugʻilishi yoki marafon yakunlanishi munosabati bilan shaxsiylashtirilgan xabarlar yoki sovgʻalarni taklif qiladi.
Creator Agent allaqachon Instagram va TikTokʼdagi mualliflar bilan ishlamoqda. Nectar uni Model Context Protocol orqali Claude, ChatGPT, Gemini, Copilot va kompaniyalarning oʻz AI-agentlariga ulashni rejalashtirmoqda. May oyida Nectar Menlo Ventures va Anthropic bilan qoʻshma tashabbus boʻlgan Anthology Fund rahbarligidagi Series A raundida 30 mln dollar jalb qildi.
Yana oʻqing

Google Searchʼning soʻnggi yangilanishi eng qiyin savollaringizga aniqroq javoblarni vaʼda qilmoqda
Modellar va mahsulotlar09:43
Microsoft Chrome va Edge foydalanuvchilariga Bingʻda AI opsiyasini tanlash imkonini berdi
Modellar va mahsulotlar12-noyabr, 18:19


