Amerikalik yozuvchilar Nvidiaʼni asarlarini noqonuniy tarqatishda aybladi
Mualliflar Nvidia kitoblarni BitTorrent orqali yashirin kutubxonalardan yuklab, tarqatishni toʻliq oʻchirmagani va ularni Adobe kabi hamkorlarga uzatganini daʼvo qilmoqda.

Mualliflar Nvidiaʼga qarshi ikkinchi aniqlashtirilgan daʼvo berib, kompaniyani yashirin kutubxonalardan yuklangan kitoblarni tarqatishda aybladi. Sudya Jon Tigar Nvidia aprel–iyulda taqdim etgan hujjatlarni koʻrib, daʼvoni oʻzgartirishga ruxsat berdi.
Daʼvoga koʻra, kompaniya kitoblarni Annaʼs Archive, LibGen va boshqa manbalardan aria2c hamda put.io yordamida yuklagan. Bu vositalar BitTorrent bilan ishlaydi, maʼlumotni boshqa foydalanuvchilarga uzatish esa sozlamalarga bogʻliq. Mualliflar Nvidia kodi yuklash paytida fayl boʻlaklarini yuklab olishni va keyingi tarqatishni toʻliq oʻchirmaganini aytadi. Biroq ular aynan oʻz kitoblari boshqa foydalanuvchilarga uzatilganini tasdiqlovchi bevosita dalillarga ega emasligini tan oladi.
Daʼvogarlar Nvidia 250 mln sahifani qamragan PDF Extraction Project doirasida kitoblarni biznes hamkorlariga uzatganini ham bildirdi. Ular qatorida Adobe bor: Nvidia PDFʼlardan modellar uchun maʼlumot ajratib, mijozlar mazmundan foydalana olishi uchun bunday fayllarni qayta ishlashni NeMo konveyeriga qoʻshmoqchi boʻlgan. Daʼvoga koʻra, evaziga Adobe oʻz mahsulotlarining ayrimlarida Nvidia til modellarini qoʻllash majburiyatini olgan. Cohere va Imbue ham tilga olinadi; mualliflar kitoblar ularga ham berilgan deb hisoblaydi, ammo buni taxmin deb ataydi.





