WhatsApp Travel eSIM funksiyasini taqdim etdi
WhatsApp xorijga safarlarda ilovada eSIM sotib olish va oʻrnatish funksiyasi — Travel eSIMʼni taqdim etdi. Xizmat ayrim mamlakatlarda ishga tushadi, roʻyxat hozircha nomaʼlum.

Kompaniya Travel eSIM WhatsAppʼdan chiqmasdan, bir necha bosishda mobil tarifni sotib olish va oʻrnatish imkonini berishini maʼlum qildi. Boshqa mamlakatga kelgach, foydalanuvchilar avvalgi raqamini saqlab qolib, mahalliy Wi-Fi yoki jismoniy SIM-kartasiz WhatsApp va boshqa internet xizmatlaridan foydalanishi mumkin.
Funksiyani ishga tushirish uchun WhatsApp eSIM provayderlari hamda Reliance Jio, Smart Axiata, Smart Communications va Verizon operatorlari bilan hamkorlik qilmoqda. Dastlabki mamlakatlarda xizmat yaqin vaqt ichida ishga tushishi kerak, biroq kompaniya hozircha ularni atamadi.
Travel eSIMʼning aniq ishlash tartibi ham oshkor etilmadi. Funksiya faqat eSIMʼni qoʻllab-quvvatlaydigan smartfonlarda ishlaydi.





