Insayder Ice Universe Galaxy S27 Ultra va S27 Pro kameralarini koʻrsatdi
Ice Universeʼga koʻra, Samsungʻning boʻlajak ikki flagmani toʻrtta dumaloq elementdan iborat bir xil kamera blokiga ega boʻladi. Seriya 2027 yil boshida taqdim etilishi kutilmoqda.

Insayder Ice Universe X va Weibo ijtimoiy tarmoqlarida Samsung Galaxy S27 Ultra va Galaxy S27 Pro kameralarining taxmin qilinayotgan yakuniy dizayni tasvirlangan suratni eʼlon qildi. Uning aytishicha, koʻrsatilgan modullar joylashuvi yakuniy boʻladi.
Eskizda kamera bloki korpusning yuqori chap burchagidagi boʻrtma maydonchada joylashgan. Ikkita yirik obyektiv vertikal oʻrnatilgan, ularning oʻng tomonida esa uchinchi, kichikroq modul, uning tepasida esa chaqnoq bor. Ular birgalikda toʻrtta alohida dumaloq elementdan iborat guruhni hosil qiladi.
Bu variant avvalgi sizdirilgan maʼlumotlardan farq qiladi: ularda uchinchi modul va chaqnoq choʻzinchoq, «kapsulasimon» umumiy blokka birlashtirilgan edi. Ice Universeʼning taʼkidlashicha, ikkala model ham bir xil kamera sxemasiga ega boʻladi.
Sizdirilgan maʼlumotlarga koʻra, Galaxy S27 Pro Samsung qatoridagi yangi versiyaga aylanadi va Galaxy S27+ bilan Galaxy S27 Ultra oʻrtasidan joy oladi. Pro modeli Ultraʼdan ixchamroq boʻlishi va S Pen stilusiga ega boʻlmasligi kutilmoqda.
Avvalgi maʼlumotlar Pro va Ultra versiyalarida 200 megapikselli sensor boʻlishi mumkinligini ham koʻrsatgan. Shu bilan birga, insayderlar maʼlumotiga koʻra, Galaxy S27 Ultra uch karra optik zumga ega alohida teleobyektivdan mahrum boʻlishi mumkin. Galaxy S27 oilasi taqdimoti 2027 yil boshida kutilmoqda.
Yana oʻqing

Konsollar narxi yaqin orada pasaymasligining 3 sababi
Gadjetlar26-noyabr, 17:50
Samsung Galaxy Z TriFold2’ning kod nomi va qayerlarda sotuvga chiqishi haqidagi maʼlumotlar sizib chiqdi
Gadjetlar26-noyabr, 17:41


