Spotify va YouTube Musicʼdagi sunʼiy intellekt DJlarini taqqoslab, ikkalasidan ham voz kechdi
WIRED sharhlovchisi YouTube Music va Spotifyʼning ovozli boshlovchilarini sinab koʻrdi va choʻzilib ketgan izohlar hamda treklar haqidagi hikoyalardagi xatolar nega musiqa tinglashiga xalaqit berganini aytdi.

YouTube Musicʼda sharhlovchi bir necha oy davomida YouTube Labs orqali foydalanish mumkin boʻlgan eksperimental Beyond the Beat funksiyasidan foydalandi. U qoʻshiqlar orasida keyingi trek haqida ovozli izohni vaqti-vaqti bilan qoʻshib turadi. Muallifning kuzatishicha, bunday izohlar qariyb 30 soniya davom etishi mumkin edi.
Bir kuni mashgʻulot paytida boshlovchi Charli XCX ismini Charli XXC deb talaffuz qildi va Rock Music qoʻshigʻini xonandaning gastrollari haqidagi uzun hikoya bilan kuzatdi. Boshqa safar esa u Olivia Rodrigoʻning Chappell Roan ishtirokidagi Expectations remiksini batafsil tahlil qildi, shundan keyin YouTube Music trekning original versiyasini qoʻydi.
Spotifyʼda boshlovchi foydalanuvchining tinglash tarixi va soʻrovlariga asoslanib musiqa ham tanlaydi. Noyabr oyida servis yettita yangi ingliz tilidagi va ikkita ispan tilidagi ovozni qoʻshdi. Shuningdek, DJ funksiyasi mavjud boʻlgan mamlakatlardagi Premium obunachilariga qoʻshiqlar orasidagi izohlarni oʻchirib qoʻyish imkonini berdi. Biroq funksiya ishga tushirilganda yoki tanlangan musiqa toʻplami almashtirilganda qisqa izohlar yangrashi mumkin.
Sharhlovchi Spotifyʼning ingliz tilidagi sakkizta ovozining barchasi boshlanishidagi chiqishlarni tingladi. Unga bu replikalar YouTube Musicʼdagilarga qaraganda qisqaroq tuyuldi, ammo jonli nutqqa taqlid qilish uchun parazit soʻzlardan foydalanish chalgʻitdi. Oxir-oqibat muallif har ikki funksiyadan ham voz kechdi. Shu bilan birga, Spotify DJ tinglovchilarining 80 foizi undan haftadan haftaga yana foydalanishini maʼlum qilmoqda.





