Garri Tan sunʼiy intellekt agentlariga elektron pochtasi va 20 yil davomida yozilgan shaxsiy qaydlariga kirish imkonini berdi
Y Combinator rahbari Garri Tan sunʼiy intellekt agentlari uchun tokenlarga yiliga taxminan $100–200 ming sarflashini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, agentlar unga ishida va kundalik hayotida yordam beradi.

Seshanba kuni chiqishi kutilayotgan The Builders podkastining yangi sonida Tan agentlardan tadqiqotlar, dasturlash va suhbatlarga tayyorgarlik koʻrishda foydalanishini aytdi. Shuningdek, u agentlarga elektron pochtasi, Dropbox va Apple Notesʼga, jumladan, 20 yil davomida yozilgan qaydlariga kirish imkonini bergan.
Tan GitHubʼda gstack deb nomlangan Claude Code uchun 23 ta koʻnikmadan iborat toʻplamni eʼlon qildi. Uning aytishicha, Y Combinatorʼda Stray Light nomli ichki agent ishlaydi: u oʻziga xos shaxsiyatga, shuningdek, kompaniya qoʻllab-quvvatlagan startaplar, ariza beruvchilar va kompaniya bilan yozishmalar haqidagi kontekstga ega.
Tan shaxsiy sunʼiy intellekt agentlaridan foydalanish arzonlashsa, ular ommalashishi mumkin, deb hisoblaydi. Shu bilan birga, u foydalanuvchi boshqara oladigan va mustaqil dasturlay oladigan tizimlarni qoʻllab-quvvatlaydi.

