Claude Fable 5.2 dvigatelsiz 97 KB hajmda, 180 FPS tezlikda suvosti olamini yaratdi
Claude Fable 5.2 97 KB hajmdagi HTML-faylda Abyssal Garden interaktiv sahnasini yaratdi. Ishlab chiquvchi GeForce RTX 5070 Tiʼda 1440pʼda taxminan 180 FPS deydi.

Abyssal Garden interaktiv sahnasini Noniv taxallusli ishlab chiquvchi eʼlon qildi. U sahnani Anthropicʼning kod yozish uchun moʻljallangan agentli vositasi Claude Code yordamida yaratgan. Demoda laminariya chakalakzorlari, choʻkib ketgan kemalar, skat baliqlari, baliq toʻdalari, suvdagi zarralar va hajmli yoritish mavjud.
Loyiha brauzerda WebGPU orqali ishlaydi va oʻyin dvigateli, teksturalar, tayyor 3D-modellar yoki tashqi resurslardan foydalanmaydi. Kontent ishga tushirilganida HTML-fayldagi koʻrsatmalar asosida protseduraviy tarzda shakllanadi. Claude Fable 5.2 WGSL shayderlari, dengiz tubi, oʻsimliklar, qoyalar va suvosti jonzotlarini yaratgan. Sahnada kaustikalar — tubdagi yorugʻlik naqshlari — hamda Web Audio API orqali real vaqt rejimida sintez qilinadigan audio ham bor.
Nonivning soʻzlariga koʻra, GeForce RTX 5070 Tiʼda demo 1440p oʻlchamda taxminan 180 FPS tezlikda ishlaydi. Ishlab chiquvchining taʼkidlashicha, budjet toifasidagi Samsung Galaxy A16’da u past sozlamalar va pasaytirilgan oʻlchamda taxminan 20 FPS beradi. Bu koʻrsatkichlar hozircha mustaqil tekshirilmagan.
Birinchi versiya Claude Codeʼga yuborilgan batafsil soʻrovdan keyin paydo boʻlgan. Unda tasvir sifati, protseduraviy generatsiya va barqaror kadrlar chastotasiga qoʻyiladigan talablar, shuningdek Three.js va Babylon.jsʼdan toʻgʻridan-toʻgʻri foydalanishni taqiqlash belgilangan. Alohida sunʼiy intellekt subagenti sahna skrinshotlarini tahlil qilib, vizual nuqsonlarni izlagan, unumdorlik sinovi esa kamera oldindan belgilangan trayektoriya boʻylab uchirilayotgan paytda oʻtkazilgan. Keyinroq loyihaga toʻqnashuvlarni qayta ishlash, boshlangʻich menyu va grafik sozlamalari qoʻshilgan.
Abyssal Gardenʼni WebGPUʼni qoʻllab-quvvatlaydigan Chrome yoki Edgeʼda ishga tushirish mumkin. Dastlabki kod MIT litsenziyasi ostida eʼlon qilingan. Ishlab chiquvchi macOSʼda Chrome bilan sichqonchani boshqarishda muammolarga duch kelgan, Safariʼda esa demo bunday muammolarsiz ishlagan. Loyiha toʻlaqonli oʻyin emas, balki grafik namoyish boʻlib qolmoqda.





