Shimpanze DNKsida qadimgi virus izi inson miyasi rivojlanishidagi farqlarni tushuntirdi
Lund universiteti olimlari qadimgi virus qoʻshilmasi shimpanzelarda odamlarda faol boʻlgan va miyaning dastlabki rivojlanishida muhim rol oʻynaydigan LINC00662 genini oʻchirib qoʻyishini aniqladi.

Tadqiqotchilar millionlab yillar avval shimpanzelarga yuqqan PTERV1 virusi izlarini oʻrgandi. Uning genetik materiali hayvonlar genomiga qoʻshilib, vaqt oʻtishi bilan keyingi avlodlarga uzatila boshlagan. Olimlarning fikricha, aynan shu qoʻshilma uning yonidagi LINC00662 genini oʻchirib qoʻyadi.
Bu gen inson miyasining rivojlanishining dastlabki bosqichlarida faol boʻladi, biroq shimpanze miyasining taqqoslanadigan modellarida ishlamaydi. Olimlar buni metillanish — genlar faolligini tartibga soladigan va ularni nofaol holatga oʻtkazishi mumkin boʻlgan DNKdagi kimyoviy oʻzgarish bilan bogʻlamoqda.
Buni tekshirish uchun tadqiqotchilar ildiz hujayralaridan inson va shimpanze miyasining miniatyura modellarini yetishtirdi. Inson organoidlarida LINC00662 faol boʻlgan, shimpanze hujayralaridan olingan modellarda esa oʻchirilgan holatda qolgan. CRISPR-Cas9 yordamida virus ketma-ketligi olib tashlanganidan soʻng, shimpanze hujayralaridagi gen yana faollashgan.
Keyin olimlar inson organoidlarida LINC00662 genini oʻchirib qoʻydi. Natijada asab hujayralarining rivojlanishi va neyronlar oʻrtasidagi aloqalarning shakllanishi bilan bogʻliq genlar faolligi pasaydi. Tadqiqot mualliflarining fikricha, natija qadimgi virus infeksiyasi genlar boshqarilishiga qanday taʼsir koʻrsatishi va inson hamda shimpanzening rivojlanayotgan miyalari oʻrtasidagi farqlarga qanday hissa qoʻshishi mumkinligini koʻrsatadi.
Tadqiqotchilar boshqa virusli ketma-ketliklar ham miya evolyutsiyasiga xuddi shunday taʼsir koʻrsatgan-koʻrsatmaganini tekshirishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, ular bunday meros boʻlib oʻtgan boʻlaklarning nevrologik kasalliklar bilan ehtimoliy bogʻliqligini oʻrganmoqchi.
Yana oʻqing

Fiziklar Koinot nega mavjudligini tushuntirishi mumkin boʻlgan ilmiy yutuqda antimateriyani ushladi
Ilm-fan12:28
NASA saraton, mushak atrofiyasi va oʻsimlik yetishtirish boʻyicha tadqiqotlar uchun uskunalarni XKSga yuboradi
Ilm-fan10:19


