Microsoft fayllarni saqlagan holda korporativ Windows kompyuterlarini masofadan bloklashni sinovdan oʻtkazmoqda
Microsoft yoʻqolgan yoki oʻgʻirlangan kompyuterni administratorlarga Intune orqali bloklash, shu bilan birga qurilmadagi maʼlumotlarni saqlab qolish imkonini beruvchi Remote Lock funksiyasini sinovdan oʻtkaza boshladi.

Funksiya Windows 11’ning Beta va Experimental kanallaridagi dastlabki sinov yigʻilmalarida paydo boʻldi. U tashkilot tomonidan boshqariladigan, Enterprise, Education yoki Pro tahrirlariga ega, Microsoft Entraʼga ulangan yoxud qurilmalarni boshqarish tizimida roʻyxatdan oʻtkazilgan qurilmalarga moʻljallangan.
Buyruq olingach, Windows faol seanslarni yakunlaydi va tizimga kirish usullarini yashiradi. Parol, PIN-kod yoki mahalliy administrator hisobidan foydalanib blokdan chiqarish imkonsiz boʻladi. Blokni administrator Intune orqali olib tashlashi mumkin. Bunda foydalanuvchi hisobi boshqa qurilmalarda ishlashda davom etadi.
Buyruq kompyuter boshqaruv serveriga navbatdagi ulanishida qoʻllanadi. Faollashtirilgach, bloklash kompyuter qayta yuklanganda va internet boʻlmaganda ham saqlanadi. Administrator ekranga cheklov sababini hamda texnik yordam xizmati bilan bogʻlanish maʼlumotlarini chiqarishi mumkin.
Fayllar diskda qoladi, qurilma esa boshqaruv tizimiga ulanishni saqlab qoladi. Remote Lock shuningdek Windowsʼni tiklash muhiti, xavfsiz rejim va tashqi tashuvchilardan yuklanish imkoniyatlariga kirishni ham saqlaydi. Disk chiqarib olingan taqdirda maʼlumotlarni himoyalash uchun Microsoft BitLocker shifrlashidan foydalanishni tavsiya qiladi.





