AQSh NNTlari sud orqali sunʼiy intellekt ishlab chiqilishini toʻxtatishni talab qildi
AQShning toʻrt tashkiloti Anthropic, Google, Meta, OpenAI va SpaceXni sudga berib, xavfsizlik choralari paydo boʻlguncha sunʼiy intellektni oʻqitish va joriy etishni muzlatishni talab qildi.

Daʼvoni San-Fransisko sudiga Irreplaceable Education Fund, Public Citizen, Heat Initiative va Alliance for Secure AI tashkilotlari kiritdi. Ular kompaniyalar texnologiyalar inson nazorati ostida ekanini isbotlamaguncha, yangi modellarni ishlab chiqish va chiqarishni vaqtincha taqiqlashni soʻramoqda.
Daʼvogarlarning taʼkidlashicha, tizimlardan allaqachon kiberhujumlar va boshqa zararli harakatlarda foydalanilgan. Ular ishlab chiquvchilarning oʻzlari sunʼiy intellekt nazoratdan chiqib ketishi va insoniyatga tahdid solishi mumkinligi haqidagi bayonotlariga ham tayanmoqda. Tashkilotlar fikricha, kompaniyalar jamoat salomatligi va kompyuter tizimlaridan foydalanishni xavf ostiga qoʻyib, Kaliforniyaning insofsiz raqobat toʻgʻrisidagi qonunini buzgan.
Irreplaceable Education Fund asoschisi va ijrochi direktori Fil Aroneanu moratoriy davlat tekshiruvlarini, yirik hisoblash markazlarini monitoring qilishni va cheklovlarni buzganlik uchun jazoni oʻz ichiga olishi kerakligini aytdi. Tashkilot mustaqil baholovchilar va sunʼiy intellekt regulyatorini tuzish, kompaniyalar uchun qatʼiy javobgarlik joriy etish hamda federal darajada minimal talablarni belgilashni taklif qilmoqda. Bunda shtatlar yanada qatʼiy qoidalar qabul qilish huquqini saqlab qoladi.
Daʼvogarlar Vashington xalqaro kelishuvlarga erishsa, AQShdagi tanaffus raqiblarni, jumladan Xitoyni, albatta kuchaytirmaydi, deb hisoblaydi. Ular kelgusida saylanadigan demokrat qonunchilarni yangi ishlanmalarni muzlatishdan boshlashga ham chaqirdi. AQSh Kongressi hozircha sunʼiy intellektni tartibga soluvchi qonunni qabul qilmagan.
Yana oʻqing

Raqobat qoʻmitasi WB Taxiʼni ustun mavqega ega operator deb eʼtirof etdi
Tartibga solish12-noyabr, 11:32
NIST sunʼiy intellekt agentlariga hujumlar va ulardan himoyalanish usullari tasnifini taqdim etdi
Tartibga solish11-noyabr, 15:54


