Tesla Cybercabʼni 29 990 dollarga sotuvga chiqarmoqda, yetkazib berish dekabrga rejalangan
Tesla Cybercabʼni 29 990 dollarga cheklangan miqdorda sotuvga chiqardi: ilk yetkazib berishlar dekabrda Texasdagi Ostin shahrida taklif etilgan mijozlarga rejalangan.

Tesla Cybercab uchun buyurtmalarni qabul qila boshladi. Ikki oʻrinli, rul va pedallarsiz avtomobil haydovchisiz avtonom ishlashga moʻljallangan. Hozircha uni faqat taklif etilgan mijozlar xarid qilishi mumkin. Yetkazib berishlar kompaniyaning avtonom xizmatlari allaqachon ishlayotgan Ostin atrofiga rejalashtirilgan.
Avtomobildan foydalanish uchun oyiga 299 dollar turadigan Autonomy Subscription obunasi majburiy. Birinchi oy xarid narxiga kiritilgan, keyingi toʻlovlar esa obuna bekor qilinmaguncha alohida undiriladi. Buyurtma rasmiylashtirilganda 1 000 dollarlik qaytarilmaydigan depozit ham talab etiladi.
Cybercabʼdan avtonom ishlash qoʻllab-quvvatlanadigan zonalardan tashqarida qoʻlda boshqarish uchun foydalanib boʻlmaydi. Tesla, shuningdek, egalariga muntazam texnik xizmat koʻrsatish hamda kompaniyaning dasturiy infratuzilmasidan foydalanish kerak boʻlishini bildirgan.
Model ishlab chiqarilishi Gigafactory Texasʼda yoʻlga qoʻyilgan. Avval Tesla Cybercabʼni asosan oʻzining robotaksi parki va yoʻlovchi tashish xizmati bilan bogʻlab kelgan, biroq endi uni xususiy mijozlarga cheklangan miqdorda sotishni boshladi. Shu bilan birga, kompaniya rahbarlari aytganidek, ishlab chiqarishning asosiy qismi Tesla mulkida qolishi va safar xizmatida ishlatilishi kerak.
30 000 dollardan past narx avval Cybercabʼning asosiy xususiyatlaridan biri sifatida tilga olingan edi. Yangi taklif xaridorlarning kichik guruhiga avtomobilni shaxsiy foydalanish uchun sotib olish imkonini beradi, biroq hozircha Ostindan tashqarida sotuvlar keng yoʻlga qoʻyilganini anglatmaydi.





