Oʻzbekiston delegatsiyasi Italiyada ekologik baholashda sunʼiy intellektdan foydalanishni oʻrgandi
Oʻzbekiston vakillari Rimda sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalardan ekologik baholashda foydalanishga bagʻishlangan oʻquv dasturini tamomladi.

Dasturda «Davlat ekologik ekspertizasi markazi» davlat muassasasi direktori hamda ushbu sohada sunʼiy intellekt va axborot texnologiyalarini joriy etish uchun masʼul mutaxassislar ishtirok etdi. Taʼlim Italiya Atrof-muhit va energetik xavfsizlik vazirligi hamda Atrof-muhitga taʼsirni baholash xalqaro assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etildi.
Ishtirokchilar Italiyaning ekologik boshqaruv tizimi, atrof-muhitga taʼsirni baholash usullari, mintaqaviy monitoring va raqamli infratuzilmasi bilan tanishdi. Alohida sessiyalarda ekologik skrining, baholash koʻlamini belgilash, strategik ekologik baholash va ekologik maʼlumotlarni qayta ishlash masalalari koʻrib chiqildi.
Oʻzbekiston vakillari, shuningdek, Toskana, Marche, Lombardiya va Emilia-Romagna mintaqalari tajribasini oʻrgandi. Xususan, chiqindilarni qayta ishlash obyektlarining atrof-muhitga taʼsirini modellashtirish va baholashda sunʼiy intellekt algoritmlaridan foydalanish masalasi koʻrib chiqildi.
Taʼlim yakunlariga koʻra, delegatsiya Italiya yondashuvlarini Oʻzbekistonning milliy ekologik boshqaruv tizimiga moslashtirish imkoniyatlarini aniqlashi kerak. Sunʼiy intellekt ekspertlarni qoʻllab-quvvatlovchi vosita sifatida koʻrilmoqda: u katta hajmdagi maʼlumotlarni tahlil qilish, ekologik xatarlarni aniqlash va qarorlarning asoslanganligini oshirishga yordam beradi.
Dastur doirasida Italiya vazirligi va IAIA oʻrtasidagi oʻzaro anglashuv memorandumi, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan mintaqaviy hamkorlik, qoʻshma loyihalar, shuningdek, ekologik boshqaruv platformasi va mintaqalar uchun yagona bilimlar bazasini ishlab chiqish masalalari ham muhokama qilindi.
Yana oʻqing

AI uchun oʻzbek tili ingliz tilidan 1,55–2,17 baravar qimmatroq
Oʻzbekistonda SI12-noyabr, 18:06
Oʻzbekiston IT sektoriga Rossiya investitsiyalari ikki yil ichida uch baravar oshdi
Oʻzbekistonda SI12-noyabr, 14:01


